Maqolada ijtimoiy xizmatlar tushunchasining mohiyati va iqtisodiy kategoriya sifatidagi o‘rni turli nazariy yondashuvlar asosida tahlil qilingan. Institutsional nazariya, jamoat va merit tovarlari nazariyasi, farovonlik davlati konsepsiyasi hamda inson kapitali nazariyasi doirasida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ilmiy ta’riflar tizimlashtirilgan. Ijtimoiy xizmatlarning ijtimoiy adolat, ijtimoiy barqarorlik va inson kapitalidan foydalanish samaradorligini oshirishdagi roli asoslab berilgan. Xorijiy va milliy olimlar yondashuvlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ta’riflar tahlil qilingan. Mualliflik yondashuvi asosida ijtimoiy xizmatlar o‘tish iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga ta’sir ko‘rsatuvchi investitsion va institutsional mexanizm sifatida talqin qilingan.
Maqolada globallashuv va raqobat sharoitida O‘zbekiston tijorat banklarining transformatsiya jarayonlarini amalga oshirishning ahamiyati va kelgusi istiqbollari tahlil qilinadi. Ushbu tadqiqotda, tijorat banklarining zamonaviy iqtisodiy sharoitda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun qanday o‘zgarishlar zarurligi, ularning raqobatbardoshligini oshirish va global moliya tizimiga integratsiya qilish yo‘llari ko‘rsatiladi. Maqola O‘zbekiston bank tizimining transformatsiyasi jarayonidagi muammolarni va bu jarayonlarni amalga oshirishdagi ijtimoiy, iqtisodiy va texnologik omillarni o‘rganadi. Yangi texnologiyalarni joriy etish, raqamli bank xizmatlarini rivojlantirish, hamda banklarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha takliflar ilgari suriladi. Shuningdek, O‘zbekiston tijorat banklarining global raqobatga moslashishidagi istiqbollarini tahlil qilish orqali mamlakat bank tizimining barqarorligini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar taqdim etiladi.