Maqolada ijtimoiy xizmatlar tushunchasining mohiyati va iqtisodiy kategoriya sifatidagi o‘rni turli nazariy yondashuvlar asosida tahlil qilingan. Institutsional nazariya, jamoat va merit tovarlari nazariyasi, farovonlik davlati konsepsiyasi hamda inson kapitali nazariyasi doirasida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ilmiy ta’riflar tizimlashtirilgan. Ijtimoiy xizmatlarning ijtimoiy adolat, ijtimoiy barqarorlik va inson kapitalidan foydalanish samaradorligini oshirishdagi roli asoslab berilgan. Xorijiy va milliy olimlar yondashuvlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ta’riflar tahlil qilingan. Mualliflik yondashuvi asosida ijtimoiy xizmatlar o‘tish iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga ta’sir ko‘rsatuvchi investitsion va institutsional mexanizm sifatida talqin qilingan.
Mazkur maqolada zamonaviy jamiyatda ijtimoiy tadbirkorlikning roli, uning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati chuqur tahlil qilingan. Tadqiqotda O‘zbekiston misolida ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanish tendensiyalari, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar asosidagi amaliy tajribalar o‘rganildi. Shuningdek, ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolar – huquqiy bo‘shliqlar, moliyaviy savodxonlikning pastligi va innovatsion texnologiyalarning sust joriy etilishi chuqur tahlil etildi. Maqolada mavjud imkoniyatlar asosida bir qator amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular sohaga institutsional asos yaratish, qonunchilikni mustahkamlash va ijtimoiy innovatsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Ushbu maqola “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan fiskal islohotlarning inklyuzivlik tamoyillariga muvofiqligini tahlil qiladi. Tadqiqotda soliq siyosatining iqtisodiy samaradorlik va ijtimoiy adolat oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashdagi roli Jeyms Mirrleesning optimal soliqqa tortish nazariyasi va zamonaviy empirik maʼlumotlar asosida oʻrganilgan. Maqolada 2025-yilgi soliq kodeksidagi oʻzgarishlar, xususan, ijtimoiy soliq stavkalarining tabaqalashuvi va yashirin iqtisodiyotni legallashtirish mexanizmlarining makroiqtisodiy taʼsiri baholangan. Natijalar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston soliq tizimi fiskal barqarorlikni saqlagan holda, inson kapitalini rivojlantirish va daromadlar tengsizligini yumshatishga qaratilgan inklyuziv modelga oʻtmoqda