Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimida tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishi tahlil qilinadi. Amaldagi me’yoriy-huquqiy baza, jumladan, “Sog‘liqni saqlash to‘g‘risida”gi Qonun (1996), “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun (2019), “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” (2022–2026) hamda Prezident farmonlari asosida tadbirkorlik sohasini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatib beriladi. Xususiy tibbiyotning rivojlanishini cheklovchi muammolar ya’ni byurokratik jarayonlar, malakali kadrlar yetishmovchiligi va moliyaviy manbalar cheklanganligi ko‘rsatib o‘tilgan. Maqolada tadbirkorlik subyektlarini majburiy tibbiy sug‘urta tizimiga integratsiya qilish, hududlarda yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etish zarurligi ta’kidlanadi. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, davlat siyosati va xususiy tashabbus uyg‘unligi sog‘liqni saqlash tizimining barqaror va raqobatbardosh bo‘lishi uchun muhim ekanligi ilgari surilgan.
Ushbu maqolada dunyo mamlakatlarida hozirda qo‘llaniladigan turli xil sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish modellarining qiyosiy tahlili keltirilgan. Ushbu modellar aholiga keng ko‘lamli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini berish va ijtimoiy farovonlikni yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, bu mehnat unumdorligi va iqtisodiy o‘sishga bevosita ta’sir qiladi. Maqolada har bir sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish modelining operatsion xususiyatlari, afzalliklari va kamchiliklari batafsil ko‘rib chiqiladi.
Davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmlari mahalliy infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va xizmatlar sifatini oshirishda samarali vosita sifatida qaralmoqda. Ushbu maqolada DXSh tizimining Qashqadaryo viloyatidagi qoʻllanilish holati, mavjud loyihalar tahlili va ularning iqtisodiy hamda ijtimoiy samaradorligi baholandi. Tadqiqotda hujjatli manbalar, rasmiy statistika, xalqaro tajriba va mahalliy ekspertlarning fikrlari asosida tizimli yondashuv qoʻllanildi. Natijalar viloyatda DXShning infratuzilmaviy tarmoqlar, xususan sogʻliqni saqlash, taʼlim va energetika yoʻnalishlarida salmoqli oʻrin egallayotganini koʻrsatdi. Shu bilan birga, mavjud institutsional toʻsiqlar va investitsiya xavflarining tahlili asosida takomillashtirish yoʻnalishlari ham ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada davlat byudjeti va soliqlar orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotda fiskal ko‘rsatkichlar, byudjet daromadlari va xarajatlari dinamikasi hamda ularning YaIMga nisbati o‘rganildi. Soliq tizimidagi strukturaviy o‘zgarishlar, soliqqa tortish bazasining kengayishi va raqamlashtirish jarayonlarining kuchayishi iqtisodiy barqarorlikka ta’sir etuvchi muhim omillar sifatida ko‘rsatildi. Byudjet xarajatlari samaradorligi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar infratuzilma loyihalarining eng yuqori natija berishini, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida esa samaradorlikni oshirish zarurligini ochib berdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, davlat fiskal siyosati iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda asosiy mexanizmlardan biri bo‘lib, kelgusida taqchillikni kamaytirish, xarajatlarni optimallashtirish va ijtimoiy samaradorlikni oshirish yo‘nalishlarida islohotlarni chuqurlashtirish zarurligi aniqlangan.