Mazkur maqolada tijorat banklari faoliyati barqarorligini mustahkamlashda reyting tizimi asosida baholashning nazariy va amaliy asoslari keng yoritilgan. Bank nazoratining xalqaro tajribalari, reyting baholash usullari hamda CAMELS tizimi asosida baholash yondashuvlari tahlil qilinadi. Reyting tizimlarida foydalanilayotgan baholash mezonlari, shkalalar va metodik yondashuvlar, xususan raqamli va alifbo asosidagi reyting ifodalari batafsil ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, kompleks va ekspert baholash uslublarining afzalliklari, cheklovlari, ulardan foydalanish shart-sharoitlari hamda baholash modelining mezon tanlashdagi muhim jihatlari asoslanadi. Maqolada reyting tizimining samaradorligini oshirish uchun sifatli axborotlarni to‘plash, matematik-statistik modellarni qo‘llash va baholash parametrlarini to‘g‘ri tanlash zarurligi ta’kidlanadi. Banklarning moliyaviy holatini obyektiv baholash orqali ularning ishonchliligi va barqarorligini oshirishda reyting tizimi muhim vosita sifatida e’tirof etiladi.
Soʻnggi yillarda global moliyaviy beqarorlik kuchaygani bank bozorlarini katta sinovlarga duchor etmoqda. Shu bois tijorat banklari o‘zlarining iqtisodiy o‘zgarishlarga chidamliligini yanada oshirishga e’tibor qaratishyapti. Mutaxassislarning prognozlariga koʻra, 2025–2026 yillarda jahon bank maydonida faoliyat darajasi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda. Xususan, Yevropa hududida 2024 yilda inflyatsiya darajasi oldingi bashoratlardan past – 2,7 % oʻrniga taxminan 2,3 % atrofida boʻladi. Moliyaviy barqarorlik esa hozircha o‘rtacha oʻsish istiqbollariga bog‘liq boʻlib qolaveradi. Banklarni barqarorlik nuqtai nazaridan baholash uchun turli modellardan foydalaniladi, va bu tanlov ko‘pincha regulyatorlar tomonidan tasdiqlangan yondashuvlarga asoslanadi. So‘nggi tadqiqotlar global makroiqtisodiy omillar oʻzgarishiga mos ravishda mavjud baholash modellari va moliyaviy barqarorlik indikatorlarini takomillashtirish, bank omonatchilari kapitallari talabi va bank faoliyatining kelajakdagi natijalarini prognozlash usullarini takomillashtirishga e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, yangi texnologiyalar va moliyaviy instrumentlar joriy etilishi banklarning raqamli transformatsiyasini va biznes jarayonlarini avtomatlashtirishni jadallashtirmoqda.Ushbu maqola O‘zbekistonda tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash vositalari va mexanizmlarini kompleks tarzda o‘rganishga qaratilgan. Maqolaning avvalo maqsadi – bank sektorini jahon tajribasi va milliy sharoitga muvofiq keluvchi yondashuvlar asosida tahlil qilib, barqarorlikni kuchaytirish yo‘llarini belgilashdir. Ikkinchi navbatda, ilmiy-metod usullar (tarixiy-qiyosiy tahlil, tarkibiy-logik izlanish) hamda empirik metodlar (regulyator hujjatlari va banklar hisobotlari statistikasi, ekspert-surishtiruvlar) qo‘llaniladi.