Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish jarayonlarining jadallashuvi soha vakillari, xususan, fermerlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash zaruratini kuchaytirmoqda. Shu sababli, fermer xo‘jaliklarida raqamlashtirishni kengaytirish, fermerlarni raqamli platformalar bo‘yicha bilim va malakasini oshirish qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Mazkur maqolada xo‘jaligida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, fermerlarni o‘qitishda qo‘llanilayotgan zamonaviy raqamli platformalar, innovatsion yondashuvlar va ularning amaliy samaradorligi tahlil qilingan. Tadqiqot davomida qishloq xo‘jaligida onlayn ta’lim platformalar, mobil ilovalar, video darslar, webinarlar, aqlli agroplatformalar hamda IoT texnologiyalarining fermerlar faoliyatidagi ahamiyati o‘rganildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, raqamli platformalar fermerlarga tomchilatib sug‘orish, o‘g‘itlash tizimi, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish, intensiv bog‘dorchilik va suv tejovchi texnologiyalar haqida tezkor va qulay ma’lumot olish imkonini yaratadi. Maqolada raqamli platformalar yordamida fermerlarning agrotexnik tadbirlarni rejalashtirish, hosildorlikni oshirish va resurslardan samarali foydalanish imkoniyatlari ham yoritilgan. IoT sensorlari va aqlli monitoring tizimlari yordamida tuproq namligi, havo harorati va o‘simlik holatini masofadan nazorat qilish mumkinligi, bu esa hosil yo‘qotilishini kamaytirishga xizmat qilishi qayd etilgan. Shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi agroplatformalar fermerlarga tezkor va aniq qaror qabul qilishda yordam berishi ta’kidlangan