Maqolada ijtimoiy xizmatlar tushunchasining mohiyati va iqtisodiy kategoriya sifatidagi o‘rni turli nazariy yondashuvlar asosida tahlil qilingan. Institutsional nazariya, jamoat va merit tovarlari nazariyasi, farovonlik davlati konsepsiyasi hamda inson kapitali nazariyasi doirasida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ilmiy ta’riflar tizimlashtirilgan. Ijtimoiy xizmatlarning ijtimoiy adolat, ijtimoiy barqarorlik va inson kapitalidan foydalanish samaradorligini oshirishdagi roli asoslab berilgan. Xorijiy va milliy olimlar yondashuvlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ta’riflar tahlil qilingan. Mualliflik yondashuvi asosida ijtimoiy xizmatlar o‘tish iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga ta’sir ko‘rsatuvchi investitsion va institutsional mexanizm sifatida talqin qilingan.
Mazkur maqolada AQShdagi Small Business Administration (SBA) tajribasi asosida kichik biznes subyektlarini tijorat banklari orqali moliyalashtirish mexanizmlarining samarador jihatlari o‘rganilgan. AQShdagi kredit kafolatlari, foiz stavkalarini tartibga solish, maslahat markazlari va raqamli infratuzilmalar asosida O‘zbekiston sharoitlariga mos strategik takliflar ishlab chiqilgan. Jumladan, kredit kafolatlarini kuchaytirish, “raqamli kafolat portali”ni joriy etish, maslahat markazlari tashkil etish, foiz stavkalarini tartibga solish va monitoring tizimini takomillashtirishga oid takliflar asoslab berilgan. Takliflar O‘zbekistonda kichik biznes kreditlash mexanizmlarining samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan.