Ushbu maqolada, O‘zbekiston Respublikasida davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini baholash maqsadida ko‘p omilli ekonometrik model tuzildi. Modelda natijaviy omil sifatida bajarilgan baholash xizmatlari hajmi (Y), ta’sir etuvchi omillar sifatida esa xususiylashtirilgan davlat aktivlari soni (X1), malaka sertifikatiga ega baholovchilar soni (X2) va nomoddiy aktivlarning boshlang‘ich qiymati (X3) tanlandi. Tavsifiy statistika, korrelyatsiya, VIF va ADF testlari asosida model ishonchliligi tekshirildi. Olingan natijalar baholash xizmatlari hajmiga tanlangan omillarning sezilarli ta’sirini ko‘rsatdi hamda prognozlash imkoniyatini berishi ko‘rib chiqildi.
Mazkur maqola O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o‘rni, xususan, investitsion loyihalarni moliyalashtirish, bandlik darajasini oshirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishdagi faoliyatini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Unda “Yangi O‘zbekiston – 2030” dasturi va 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi kabi strategik hujjatlarning bank tizimini rivojlantirishdagi ustuvor yo‘nalishlari yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekiston bank tizimining asosiy ko‘rsatkichlari (aktivlar, kreditlar, kapital va depozitlar) bo‘yicha chuqur tahlil o‘tkazilgan. Xususan, davlat ulushi mavjud banklar va boshqa banklar o‘rtasidagi farqlar, ularning bozordagi ulushlari va iqtisodiy barqarorlikka ta’siri statistik ma’lumotlar asosida ko‘rsatib berilgan. Tahlil natijasida davlat banklarining bozorda ustun mavqega ega ekanligini, biroq boshqa banklarning depozitlarni jalb qilishda deyarli teng raqobatlasha olishi aniqlandi. Shuningdek, tijorat banklarining kreditlash faoliyati va muammoli kreditlar (NPL) hajmi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilib, bu boradagi risklar va samaradorlik baholangan.