Ushbu maqola Oʻzbekiston tijorat banklarining ustav kapitalidan foydalanish samaradorligini baholash uchun asosiy koʻrsatkich boʻlgan kapital rentabelligi (ROE) koʻrsatkichini tahlil qilishga qaratilgan. 1999-2023 yillar oraligʻida mamlakatda faoliyat yuritgan tijorat banklari toʻrt guruhga ajratilgan holda mulkchilik shakli boʻyicha ROE oʻrtasidagi farqlar oʻrganildi. Tahlil natijalariga koʻra, davlat bilvosita egalik qiluvchi banklar eng yuqori oʻrtacha ROEga ega boʻlgan boʻlsa, davlat bevosita egalik qiluvchi banklar eng past darajadagi kapital rentabelligini namoyon etdi. Xususiy banklar yuqori darajada tebranuvchanlikka ega boʻlib, bu ularning faoliyatida ortiqcha xavf mavjudligini koʻrsatadi. Xorijiy banklarning kapitaldan foydalanish samaradorligi esa barqaror boʻlib, ular tahlil davrining soʻnggi yillarida ijobiy oʻsishni namoyish etdi. Ushbu tadqiqot tijorat banklarining samaradorligini oshirishga qaratilgan siyosat va strategiyalarni ishlab chiqishda foydali boʻlishi mumkin.
Ushbu tadqiqot banklarni transformatsiya qilish jarayonlari orqali aktivlar samaradorligini oshirish usullarini o‘rganadi. Banklar iqtisodiy o‘zgarishlarga moslashish va raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun transformatsiya jarayonlarini amalga oshirishlari zarur. Tadqiqotda banklarning transformatsiya jarayonlari, ularning samaradorligi va moliyaviy ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilinadi.
Ushbu maqolada alternativ moliya bozorining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblangan “Islom darchalari” faoliyatining mamlakatlar moliyaviy sektoriga ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqotda “Islom darchalari” konsepsiyasi, ularning an’anaviy banklar tarkibida tashkil etilishining iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy inklyuzivlikni oshirishdagi roli va Shariat tamoyillariga mos xizmatlarni taqdim etish orqali bozor talabiga javob berish imkoniyatlari o‘rganiladi. Shuningdek, ushbu mexanizmning rivojlanayotgan mamlakatlardagi bank sektori barqarorligiga va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ta’siri tahlil qilinadi. Maqola tajriba asosidagi empirik natijalar va nazariy yondashuvlarni birlashtirgan holda “Islom darchalari”ning global moliyaviy bozordagi istiqbollarini ham yoritadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston tijorat banklarining 1999–2023 yillardagi sof foiz marjasi (SFM) dinamikasi tahlil qilinadi. Sof foiz marjasi bankning foizli aktivlardan daromad olish samaradorligini ifodalaydi va moliyaviy barqarorlik hamda rentabellikni baholashda muhim koʻrsatkich hisoblanadi. Tadqiqotda mulkchilik shakliga koʻra banklar oʻrtasidagi farqlar, vaqt boʻyicha tendensiyalar hamda ekstremal kuzatuvlarning taʼsiri o‘rganildi. Natijalar xorijiy banklarning sof foiz marjasi boshqa guruhlarga nisbatan sezilarli darajada yuqori ekanini, davlat banklari esa eng past samaradorlikka ega boʻlganini koʻrsatdi. Shuningdek, 2017-yildan keyingi davrda davlat bevosita egalik qiluvchi banklarning samaradorligi sezilarli oshgani qayd etildi.
Mazkur maqolada tijorat banklari resurs bazasining samaradorligini oshirish yo‘llari, uning bank faoliyati barqarorligini ta’minlashdagi iqtisodiy ahamiyati hamda moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini kuchaytirishdagi roli kompleks tarzda tahlil qilinadi. Tadqiqotda bank resurs bazasining tarkibiy tuzilmasi, uning likvidlikni boshqarish, kreditlash salohiyatini kengaytirish va risklarni minimallashtirishdagi o‘rni nazariy va amaliy jihatdan yoritiladi. Shuningdek, aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bo‘sh pul mablag‘larini bank resurs bazasiga jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish, depozit va nodavlat moliyaviy manbalarni diversifikatsiyalash, resurslar qiymatini optimallashtirish hamda banklar o‘rtasida raqobatbardoshlikni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Tadqiqot natijalari tijorat banklari resurs bazasi samaradorligini oshirish orqali bank tizimining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini aniqlashga xizmat qiladi.