Mazkur maqolada neft va gazni qayta ishlash korxonalarida ishlab chiqarish xarajatlari auditini metodik ta’minlashni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotda muhim xatoliklar xavfini baholash, ichki nazorat tizimini tahlil qilish hamda auditning xalqaro standartlarini (AXS) qo‘llashga alohida e’tibor qaratilgan. Ishlab chiqarish xarajatlari bilan bog‘liq risklar tasnifi taklif etilgan hamda muhimlik darajasini aniqlashning bosqichma-bosqich yondashuvi asoslab berilgan. Tadqiqot natijalari moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini oshirish, audit jarayonlarini takomillashtirish va korxonalarda xarajatlarni boshqarish samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan
Mazkur maqola O‘zbekiston soliq ma’muriyatchiligida elektron hisob-fakturalar (EHF) tizimining rolini va soliq xavfini aniqlash mexanizmlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda EHF orqali to‘plangan raqamli ma’lumotlar tahlili, risk indikatorlari asosida soliq to‘lovchilarning xavf darajasini aniqlash, viloyatlar kesimida tovar aylanmasi va yirik soliq to‘lovchilar faoliyatini kuzatish amaliyoti tahlil qilingan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, EHF tizimi soliq auditi samaradorligini oshirish, soliqqa rioya etish darajasini yaxshilash va soliq ma’muriyatchiligini optimallashtirish uchun muhim vosita hisoblanadi. Tadqiqot shuningdek, EHF tizimining soliq to‘lovchilar uchun afzalliklarini, jumladan moddiy va inson resurslarini tejash, QQS hisoblashdagi xatolarni kamaytirish va hisobotlarni avtomatlashtirish imkoniyatlarini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada islom moliya instrumentlarining raqamli transformatsiyasi, ularni O‘zbekistonda joriy etishning metodologik asoslari hamda xalqaro tajribalar bilan uyg‘unlashtirish masalalari tahlil qilindi. Raqamli texnologiyalar, blokcheyn, smart-shartnomalar, tokenizatsiya, e-KYC va API-integratsiya, islomiy moliyalashtirish jarayonlarida shaffoflikni, operatsion samaradorlikni va shariatga muvofiqlikni kuchaytirishi ilmiy asoslab berildi. Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni tajribasi O‘zbekiston amaliyoti bilan taqqoslanib, milliy raqamli islom moliyasi modelini yaratish uchun zarur bo‘lgan metodik, texnik va huquqiy yo‘nalishlar belgilab olindi. Natijalar sektorning barqaror rivojlanishi uchun raqamli shariat auditi, smart-shartnomalarning huquqiy maqomi, tokenizatsiya qoidalari va shariatga mos fintech ekotizimining shakllantirilishi muhimligini ko‘rsatdi