Mazkur maqolada banklarni transformatsiyalash jarayonida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali bank xizmatlari ommabopligini oshirish, banklarning an’anaviy xizmat ko‘rsatishdan raqamli xizmat ko‘rsatishga o‘tishini amalga oshirishning ilmiy-nazariy jihatlari yoritib berilgan. Maqolaning tahliliy qismida mamlakatimizdagi mavjud raqamli banklar, mobil ilovalar, to‘lov tizimlarining faoliyati, shuningdek, an’anaviy va raqamli banklarning afzal jihatlari va kamchiliklari o‘rganilib tahlil etilgan. Xulosa qismida banklarni transformatsiyalash jarayonida raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan
Fintech bank va moliyaviy xizmatlarda, jumladan, mobil toʻlovlar, pul oʻtkazmalari, kreditlar va aktivlarni boshqarishda qoʻllaniladigan moliyaviy texnologiyalarni nazarda tutadi. Fintech startaplari an’anaviy banklar bilan raqobatlashadigan yoki ular bilan hamkorlik qiladigan tezkor, innovatsion va qulay xizmatlarni taklif qiladi. Soʻnggi yillarda Fintechga investitsiyalar uning keng qoʻllanilishi tufayli tez oʻsdi. Ushbu texnologiyalar xizmat sifatini yaxshilaydi, mijozlar tajribasini oshiradi va anʼanaviy moliyaviy tizimlarni oʻzgartiradi. Fintech jismoniy shaxslar va biznes uchun raqamli yechimlarni taklif qilish orqali zamonaviy bank ishida muhim rol oʻynaydi. Ushbu maqola Fintechning ahamiyatini va bank-Fintech hamkorligining oʻzaro manfaatlarini oʻrganadi.
Ushbu maqolada yashil kreditlar portfelini shakllantirish jarayonida banklar duch keladigan asosiy risklar va ularni boshqarish strategiyalari tahlil qilindi. Xalqaro tajriba asosida kredit, iqlim, tranzit, texnologik, operatsion, bozor va “greenwashing” xavflarining tabiati ochib berildi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, yashil kreditlar an’anaviy kreditlardan farqli ravishda murakkab risk profiliga ega bo‘lib, ular uchun ekologik taksonomiya, energiya samaradorlik sertifikatsiyasi, mustaqil audit va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlovchi mexanizmlar zarur. O‘zbekiston sharoitida ham ushbu vositalarni joriy etish banklar kredit portfelining sifatini oshirish, ekologik xavflarni kamaytirish va iqtisodiyotning “yashil transformatsiya”sini tezlashtirishga xizmat qiladi
Mazkur tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston moliya bozorida dualistik moliyaviy tizimning joriy etilishi orqali instrumentlararo, institutlararo, sektorlararo va tizimlararo raqobatning shakllanish jarayonini tahlil qilishdan iborat. Tadqiqotda sifat yondashuvi asosida dualistik modelning institutsional, huquqiy va iqtisodiy muhitga ta’siri hamda ushbu tizimning raqobatni kuchaytirishdagi imkoniyatlari o‘rganilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, moliya bozorida diversifikatsiya yetarli darajada shakllanmagani, moliyalashtirish manbalari deyarli to‘liq bank tizimiga tayanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, dualistik moliya tizimi raqobatning yangi shaklini tizimlararo raqobatni vujudga keltirishi, moliyaviy xizmatlar segmentida samaradorlikni oshirishi va moliya bozorining diversifikatsiyasiga xizmat qilishi aniqlangan. Ushbu tizimning tatbiqi uchun zarur institutsional shart-sharoitlar, infratuzilma talablari va bozorni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar asoslab berilgan
Mazkur maqolada jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan bank xizmatlari sifatini baholashning zamonaviy metodologik yondashuvlari tadqiq etilgan. Raqamli banklash jarayonlari, omnikanal xizmat ko‘rsatish modeli va mijoz tajribasining ustuvor ahamiyat kasb etishi sharoitida sifatni an’anaviy mezonlar asosida baholash yetarli emasligi asoslab berilgan. Tadqiqotda xizmat sifati ko‘p o‘lchamli iqtisodiy kategoriya sifatida talqin qilinib, funksional samaradorlik, raqamli interfeys qulayligi, kommunikativ aniqlik, xavfsizlik darajasi hamda mijoz sodiqligi indikatorlarini o‘z ichiga oluvchi integrallashgan baholash tizimi taklif etilgan. Shuningdek, subyektiv qoniqish ko‘rsatkichlari bilan obyektiv operatsion parametrlarni uyg‘unlashtirish zarurligi asoslangan. Natijada jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish sifatini monitoring qilish va strategik boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini beruvchi zamonaviy metodologik model ishlab chiqilgan