Mazkur maqolada turizm xizmatlari samaradorligini oshirishda klasterlash yondashuvining roli, uning iqtisodiy mexanizmlari hamda amaliy qo‘llanish imkoniyatlari tahlil qilingan. Tadqiqotning amaliy qismi sifatida Samarqand shahrining turizm hududlari geografik-klasterlik nuqtayi nazaridan o‘rganilib, shahar hududida shakllangan tarixiy, transport, ilmiy-madaniy, zamonaviy dam olish va aeroport klasterlarining fazoviy tuzilishi aniqlangan. Xaritaga asoslangan tahlil turizm oqimining asosiy markazlari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilmaning o‘zaro integratsiyalashganligini ko‘rsatadi. Shuningdek, turizm klasterlari tizimining iqtisodiy samaradorlikka ta’siri, tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlar orqali tarmoq ishtirokchilarining o‘zaro manfaatli hamkorligini kuchaytirish yo‘llari haqida takliflar berilgan.