Mazkur tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston moliya bozorida dualistik moliyaviy tizimning joriy etilishi orqali instrumentlararo, institutlararo, sektorlararo va tizimlararo raqobatning shakllanish jarayonini tahlil qilishdan iborat. Tadqiqotda sifat yondashuvi asosida dualistik modelning institutsional, huquqiy va iqtisodiy muhitga ta’siri hamda ushbu tizimning raqobatni kuchaytirishdagi imkoniyatlari o‘rganilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, moliya bozorida diversifikatsiya yetarli darajada shakllanmagani, moliyalashtirish manbalari deyarli to‘liq bank tizimiga tayanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, dualistik moliya tizimi raqobatning yangi shaklini tizimlararo raqobatni vujudga keltirishi, moliyaviy xizmatlar segmentida samaradorlikni oshirishi va moliya bozorining diversifikatsiyasiga xizmat qilishi aniqlangan. Ushbu tizimning tatbiqi uchun zarur institutsional shart-sharoitlar, infratuzilma talablari va bozorni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar asoslab berilgan
Ushbu maqolada O‘zbekistonda islom moliya tizimini joriy etish zarurati, mavjud huquqiy asoslar va institutsional muhit keng qamrovda o‘rganiladi. Islom moliyasi shariat talablariga asoslangan holda iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishni ko‘zda tutadi va aynan shu xususiyati uni ribo, maysir va g‘arar kabi taqiqlangan elementlardan holi qiladi. O‘zbekiston iqtisodiyotida bu yo‘nalish yangi bo‘lishiga qaramay, aholining diniy e’tiqodiga mos, adolatli va barqaror moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Maqolada islom moliyasining asosiy tamoyillari, sukuk, mudoraba, mushoraka kabi moliyaviy vositalarning mohiyati va ularni yuritishda zarur bo‘lgan huquqiy mexanizmlar tahlil qilinadi. Shuningdek, mavjud qonunchilikda kuzatilayotgan bo‘shliqlar, regulyator organlar faoliyatining yetarli darajada shakllanmaganligi va xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston uchun mos keluvchi institutlar modeli muhokama qilinadi. Natijada, mamlakatda islom moliya tizimini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha konseptual takliflar ilgari suriladi.
Mazkur maqolada dualistik moliya tizimiga ega Turkiya va BAA mamlakatlarining moliya bozori joriy holati tahlil qilinadi. Xususan, maqolada Turkiya va BAA (Birlashgan Arab Amirliklari)ning islomiy va an’anaviy moliya tizimining qiyosiy tahlili olib borilib, bunda islom moliyasining umumiy moliya bozoridagi ishtirokining holati, islomiy kapital bozori, islomiy sug‘urta bozori va islomiy investitsiya fondlarining moliya bozoridagi ishtirokining qiyosiy holati tadqiq etiladi.