Davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmlari mahalliy infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va xizmatlar sifatini oshirishda samarali vosita sifatida qaralmoqda. Ushbu maqolada DXSh tizimining Qashqadaryo viloyatidagi qoʻllanilish holati, mavjud loyihalar tahlili va ularning iqtisodiy hamda ijtimoiy samaradorligi baholandi. Tadqiqotda hujjatli manbalar, rasmiy statistika, xalqaro tajriba va mahalliy ekspertlarning fikrlari asosida tizimli yondashuv qoʻllanildi. Natijalar viloyatda DXShning infratuzilmaviy tarmoqlar, xususan sogʻliqni saqlash, taʼlim va energetika yoʻnalishlarida salmoqli oʻrin egallayotganini koʻrsatdi. Shu bilan birga, mavjud institutsional toʻsiqlar va investitsiya xavflarining tahlili asosida takomillashtirish yoʻnalishlari ham ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada mintaqaviy infratuzilmaning innovatsion rivojlanishida yashil iqtisodiyotning roli va salohiyati har tomonlama tahlil qilinadi. Global iqlim o‘zgarishlari, tabiiy resurslarning cheklangani va atrof-muhit ifloslanishining kuchayishi yashil iqtisodiyotga asoslangan rivojlanish modelini joriy etishni talab etmoqda. Ayniqsa, mintaqaviy darajada infratuzilmani ekologik jihatdan barqaror va innovatsion yo‘nalishda shakllantirish dolzarb masalalardan biridir. Maqolada yashil iqtisodiyotning asosiy tamoyillari, uning infratuzilmaviy rivojlanishga ta’siri, ekologik toza energiya manbalari, chiqindisiz texnologiyalar va barqaror transport tizimlarining ahamiyati yoritilgan. Shuningdek, mintaqaviy loyihalarda yashil investitsiyalarni jalb qilish, ekologik samaradorlikni oshirish, raqamli texnologiyalar yordamida resurslardan oqilona foydalanish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilgan. Ushbu maqola mintaqaviy infratuzilma sohasida ishlovchi mutaxassislar, tadqiqotchilar hamda innovatsion va ekologik yondashuvlar bilan shug‘ullanuvchi amaliyotchilar uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Ushbu maqolada davlat byudjeti va soliqlar orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotda fiskal ko‘rsatkichlar, byudjet daromadlari va xarajatlari dinamikasi hamda ularning YaIMga nisbati o‘rganildi. Soliq tizimidagi strukturaviy o‘zgarishlar, soliqqa tortish bazasining kengayishi va raqamlashtirish jarayonlarining kuchayishi iqtisodiy barqarorlikka ta’sir etuvchi muhim omillar sifatida ko‘rsatildi. Byudjet xarajatlari samaradorligi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar infratuzilma loyihalarining eng yuqori natija berishini, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida esa samaradorlikni oshirish zarurligini ochib berdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, davlat fiskal siyosati iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda asosiy mexanizmlardan biri bo‘lib, kelgusida taqchillikni kamaytirish, xarajatlarni optimallashtirish va ijtimoiy samaradorlikni oshirish yo‘nalishlarida islohotlarni chuqurlashtirish zarurligi aniqlangan.
Ushbu maqola infratuzilmaning iqtisodiy o‘sishga ta’sirini tahlil qiladi va standartlashtirish orqali samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini o‘rganadi. Infratuzilma, davlatning iqtisodiy rivojlanishiga, barqaror o‘sish va raqobatbardoshlikni oshirishga muhim ta’sir ko‘rsatadi. Maqolada, infratuzilmaning turli sohalariga – transport, energetika, kommunikatsiya va sanoat infratuzilmasiga oid davlat siyosatlari va joriy etilgan standartlarning samaradorligi ko‘rib chiqiladi. Standartlashtirish jarayoni, resurslarni samarali boshqarish, texnologik yangiliklarni joriy etish, hamda sifatni oshirish orqali iqtisodiy o‘sishning barqarorligini ta’minlaydi. O‘zbekistonda infratuzilmaning modernizatsiyasi va shu orqali iqtisodiy barqarorlikka erishishning amaliy yondashuvlariga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, maqolada davlatning infratuzilma loyihalariga bo‘lgan investitsiyaviy yondashuvlarining iqtisodiy foydalari, shu jumladan, ish o‘rinlari yaratish va turli sohalarda raqobatni kuchaytirishdagi roli tahlil qilinadi. Maqola infratuzilma va standartlashtirishning iqtisodiyotga ijobiy ta’sirini ko‘rsatish bilan birga, bunday siyosatlarning kelajakdagi istiqbollarini ham baholaydi.