Ushbu maqolada O‘zbekiston pensiya tizimida pensiya yoshining demografik va makroiqtisodiy omillar bilan o‘zaro bog‘liqligi tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi pensiya yoshini isloh qilish zaruratini asoslash va uning fiskal barqarorlikka ta’sirini baholashdan iborat. Tadqiqotda statistik va qiyosiy tahlil, demografik yuklama koeffitsiyenti hisob-kitobi hamda sug‘urta staji va pensiya to‘lov davri o‘rtasidagi nisbat formulalari qo‘llanildi. Natijalar aholining qarishi va umr davomiyligining oshishi pensiya tizimiga uzoq muddatli fiskal bosimni kuchaytirayotganini ko‘rsatdi. Amaldagi parametrlar o‘rtasidagi nomutanosiblik tizim barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hisob-kitoblar pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish, minimal mehnat stajini kengaytirish va sug‘urta badallarini diversifikatsiya qilish tizimning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashini tasdiqlaydi
Mazkur maqolada 2018–2024 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasida davlat qimmatli qog‘ozlari bozorining holati va tuzilishi, jumladan talab va joylashtirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha har tomonlama tahlil qilingan. Davlat obligatsiyalari moliyaviy tizimning muhim elementi hisoblanib, ichki va tashqi investitsion resurslarni safarbar etishga xizmat qiladi. Tadqiqotda ushbu bozor segmentining to‘liq rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan institutsional va tuzilma bilan bog‘liq cheklovlar aniqlangan. Ular qatoriga mavjud qarz instrumentlarining cheklanganligi, ikkilamchi bozorda likvidlikning pastligi, qisqa muddatli obligatsiyalarning ustuvorligi hamda foiz stavkalari o‘zgaruvchan obligatsiyalar kabi moslasha oladigan vositalarning mavjud emasligi kiradi. Muallif tomonidan davlat obligatsiyalari muomalasining to‘liq ko‘p bosqichli infratuzilmasini yaratish uchun indekslashgan, “yashil” va ijtimoiy obligatsiyalar kabi innovatsion vositalarni joriy etish zarurligi asoslab berilgan. Shu bilan birga, davlat qarzi siyosatida shaffoflikni ta’minlash va byudjet moliyalashtirilishining barqarorligini kuchaytirishda davlat obligatsiyalari bozorini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.
Hududlarda inson salohiyatini takomillashtirish iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Maqolaning asosiy muammosi, hududlar o‘rtasida salohiyatni teng rivojlantirishning zarurligi va inson resurslaridan samarali foydalanish, aholining turli sohalardagi imkoniyatlarini oshirish, shu bilan birga, jamiyatning umumiy farovonligini ta’minlashga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan. Maqolada tasviriy statistika, Pearson korrelatsiya testi va regressiya tahlillari qo‘llanilib, natijada, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ish o‘rinlari yaratish va sanoat sohasida innovatsiyalarni rivojlantirish orqali inson salohiyatini oshirishni ko‘rsatadi. Shundan kelib chiqqan holda, ilmiy va amaliy nuqtai nazardan, hududlarda iqtisodiy rivojlanish va sanoat sohasidagi resurslarni samarali boshqarish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.