Ushbu maqolada raqamli turizm platformalarining hududiy turizm infratuzilmasini rivojlantirishdagi roli va xorijiy davlatlarning bu boradagi ilg'or tajribasi o‘rganilgan. Tadqiqotda Osiyo mamlakatlaridan Xitoy, Yevropadan Italiya misolida raqamli turizm platformalarini joriy etishning samarali modellari tahlil qilingan. Qiyosiy tahlil asosida O‘zbekistonning turizm infratuzilmasidagi mavjud muammolar aniqlangan va raqamli platformalarni milliy sharoitga moslashtirib qo‘llashning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab berilgan
Maqolada raqamli to‘lov tizimida bank va mobil aloqa operatorlari (MNO) o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy kombinatsion modellari nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilinadi. MNO-yetakchi, bank-yetakchi, qo‘shma korxona va platforma ekotizimi modellari mukammal o‘rganiladi. O‘zbekiston misolida Beeline, Ucell, Uzmobile, Mobiuz kabi aloqa operatorlari va Uzum Bank, Payme, Click kabi fintech platformalarining hamkorlik tajribasi yoritiladi. Tadqiqot mamlakatda bank-MNO hamkorligi samaradorligini oshirish va raqamli moliyaviy inklyuzivlikni kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar bilan yakunlanadi
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish jarayonlarining jadallashuvi soha vakillari, xususan, fermerlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash zaruratini kuchaytirmoqda. Shu sababli, fermer xo‘jaliklarida raqamlashtirishni kengaytirish, fermerlarni raqamli platformalar bo‘yicha bilim va malakasini oshirish qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Mazkur maqolada xo‘jaligida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, fermerlarni o‘qitishda qo‘llanilayotgan zamonaviy raqamli platformalar, innovatsion yondashuvlar va ularning amaliy samaradorligi tahlil qilingan. Tadqiqot davomida qishloq xo‘jaligida onlayn ta’lim platformalar, mobil ilovalar, video darslar, webinarlar, aqlli agroplatformalar hamda IoT texnologiyalarining fermerlar faoliyatidagi ahamiyati o‘rganildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, raqamli platformalar fermerlarga tomchilatib sug‘orish, o‘g‘itlash tizimi, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish, intensiv bog‘dorchilik va suv tejovchi texnologiyalar haqida tezkor va qulay ma’lumot olish imkonini yaratadi. Maqolada raqamli platformalar yordamida fermerlarning agrotexnik tadbirlarni rejalashtirish, hosildorlikni oshirish va resurslardan samarali foydalanish imkoniyatlari ham yoritilgan. IoT sensorlari va aqlli monitoring tizimlari yordamida tuproq namligi, havo harorati va o‘simlik holatini masofadan nazorat qilish mumkinligi, bu esa hosil yo‘qotilishini kamaytirishga xizmat qilishi qayd etilgan. Shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi agroplatformalar fermerlarga tezkor va aniq qaror qabul qilishda yordam berishi ta’kidlangan
Maqolada O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy imkoniyatlari tarixiy-madaniy meros, hududiy destinatsiyalar, xizmatlar sifati, halal turizm talablari, raqamli targ‘ibot, xalqaro brending va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari bilan uzviy bog‘liqlikda tahlil qilinadi. Tadqiqotda rasmiy statistik byulletenlar asosida 2021 – 2025-yillarda kiruvchi turistlar oqimi dinamikasi hamda 2024-yilda yirik ziyorat markazlarida kiruvchi tashrif buyuruvchilarni joylashtirish ko‘rsatkichlari baholandi. Shuningdek, 2026-yilda tasdiqlangan “Umra plyus” dasturi doirasidagi subsidiya tartibi ziyorat turizmini eksportbop xizmatlar segmentiga aylantirishga xizmat qiluvchi amaliy iqtisodiy rag‘bat sifatida talqin etildi. Natijalar asosida ziyorat marshrutlarini hududlararo bog‘lash, halal servis standartlarini kengaytirish, raqamli platforma yaratish va monitoring indikatorlarini joriy etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Ушбу мақолада рақамли платформалардаги истеъмолчи хатти-ҳаракатларини шакллантириш бўйича AҚШ, Хитой ва Корея Республикаси каби ривожланган давлатларнинг илғор тажрибалари таҳлил қилинади. Aмазон, AлиЕхпресс ва Шопифй каби йирик платформалар мисолида фойдаланувчиларни жалб қилиш, уларни ушлаб қолиш ва содиқлигини оширишда рақамли технологиялар ва шахсийлаштирилган маркетинг стратегияларининг муваффақияти кўрсатиб ўтилади. Фойдаланувчи фаоллиги, тавсиялар тизими, содиқлик дастурлари ва инфратузилма ечимлари орқали рақамли платформалар рақобатбардошлигини ошириш тажрибалари ёритилади. Шунингдек, ушбу ёндашувларни Ўзбекистон рақамли иқтисодиёти шароитида қўллаш имкониятлари ўрганилиб, електрон тижоратни ривожлантиришдаги тўсиқлар — тўлов тизими, рақамли саводхонлик ва ишонч муаммолари таҳлил қилинади ҳамда уларни бартараф етиш бўйича тавсиялар берилади.