Ushbu maqolada Oʻzbekiston Respublikasi transport xizmatlari bozorining 2020–2025 yillar davridagi holati va tarmoq dinamikasi tahlil qilingan. Tadqiqotda Milliy statistika qoʻmitasining rasmiy ma’lumotlari, Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksi (LPI) hisobotlari hamda tarkibiy va dinamik taqqoslama tahlil metodlari qoʻllanilgan. Natijalarda transport xizmatlarining YaIMdagi ulushi, transport turlari boʻyicha tarkibiy oʻzgarishlar, sarmoyalar hajmining oʻsishi va bozor raqobatbardoshligini oshirishga yoʻnaltirilgan islohotlar aks ettirilgan. SWOT-tahlil asosida tarmoqning kuchli va zaif tomonlari, imkoniyatlari va tahdidlari belgilab oʻtilgan
Ushbu maqolada yashil iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlik o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilinadi. Tadqiqotda iqtisodiy kengayish va ekologik muvozanat bir-biriga zid jarayonlar emas, balki uzoq muddatli raqobatbardoshlikni ta’minlovchi o‘zaro bog‘liq rivojlanish omillari sifatida baholanadi. Maqolada qiyosiy tahlil, statistik kuzatuv va kichik tanlanmaga asoslangan OLS regressiya modeli qo‘llanilib, O‘zbekistonda YAIM o‘sishi, aholi jon boshiga CO2 emissiyasi va qayta tiklanuvchi energiya ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi munosabat o‘rganiladi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, institutsional, texnologik va moliyaviy yashillashtirish mexanizmlari yetarlicha rivojlanmaganda iqtisodiy o‘sish ekologik bosim bilan bog‘liq bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarining kengayishi va ESG tamoyillarining kuchayishi ushbu bog‘liqlikni bosqichma-bosqich kamaytirish imkonini beradi
Ushbu maqola Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ijtimoiy sugʻurta tizimining asosiy xususiyatlari, tuzilishi, moliyalashtirish mexanizmlari va Yevropa miqyosidagi muvofiqlashtirish qoidalarini tahlil qiladi. Har bir aʼzo davlat oʻz milliy ijtimoiy sugʻurta tizimini mustaqil ravishda shakllantirish huquqiga ega boʻlsa-da, Yevropa Ittifoqi fuqarolarining erkin harakatlanishi va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish maqsadida umumiy muvofiqlashtirish qoidalari joriy etilgan. Maqolada ijtimoiy himoya xarajatlarining YaIMdagi ulushi, asosiy yoʻnalishlar hamda turli ijtimoiy modellar taqqoslanadi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, YI mamlakatlarida ijtimoiy sugʻurta tizimi aholini ijtimoiy xatarlardan himoya qilishning samarali mexanizmi boʻlib, ammo aholining qarishi va moliyaviy bosimlar tufayli doimiy islohotlarni talab etadi.
Mazkur tadqiqotda 1980–2020 yillarni qamrab olgan yillik vaqt qatorlari ma’lumotlari asosida Turkiyada xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar (XTI)ning iqtisodiy o‘sishga sababiy ta’siri tahlil qilinadi. Iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi sifatida aholi jon boshiga real yalpi ichki mahsulot (YaIM)dan foydalanilgan. Ma’lumotlar Jahon banki va TurkStat kabi nufuzli xalqaro manbalardan olingan bo‘lib, barcha o‘zgaruvchilar statistik tahlilga moslashtirish maqsadida logarifmlashtirilgan. Integratsiya tartiblari turlicha bo‘lgan o‘zgaruvchilar mavjudligi sababli, aralash integratsiya tartiblariga nisbatan barqaror bo‘lgan Toda–Yamamoto sababiylik yondashuvi qo‘llanildi. Qatorlarning stasionarligi Kengaytirilgan Dikki–Faller va Phillips–Perron testlari yordamida tekshirildi, optimal lag uzunligi esa axborot mezonlari asosida aniqlangan. Modelning mosligini ta’minlash uchun avtokorrelyatsiya, geteroskedastiklik va strukturaviy barqarorlik bo‘yicha diagnostik testlar o‘tkazildi. Empirik natijalar 1% ahamiyatlilik darajasida XTIdan iqtisodiy o‘sishga yo‘nalgan statistik jihatdan ahamiyatli bir tomonlama sababiylik mavjudligini, aks yo‘nalishda esa sababiylik aniqlanmaganligini ko‘rsatdi. Ushbu natijalar XTI nafaqat tashqi kapital manbai, balki unumdorlikni oshirish, bilim va texnologiyalar transferini ta’minlash hamda tarkibiy transformatsiyani rag‘batlantirish orqali iqtisodiy o‘sishning strategik omili sifatida namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Uzoq muddatli ma’lumotlar bazasidan foydalanish va makroiqtisodiy tuzilmani hisobga olish orqali tadqiqot rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda XTI va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha adabiyotlarga metodologik jihatdan asoslangan va kontekstual ahamiyatga ega hissa qo‘shadi
Мақолада рақамли иқтисодиёт шароитида қишлоқ ҳудудларида кичик бизнес ва оилавий тадбиркорликни ривожлантиришнинг назарий-амалий асослари ҳамда уларнинг ижтимоий-иқтисодий аҳамияти тадқиқ этилган. Илмий-таҳлилий ёндашув асосида қишлоқ жойларда аҳоли бандлигини таъминлаш, камбағалликни қисқартириш ва хизмат кўрсатиш соҳаси орқали турмуш даражасини ошириш масалалари ёритилган. Давлат сиёсати доирасида амалга оширилаётган ислоҳотлар, имтиёзли кредитлар ва оилавий тадбиркорлик дастурлари таҳлил қилиниб, уларнинг амалий самаралари кўрсатиб берилган. Шу асосда қишлоқ ҳудудларида тадбиркорлик муҳитини такомиллаштириш, янги иш ўринлари яратиш ва кичик бизнеснинг ЯИМдаги улушини оширишга қаратилган таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқилган.
Ushbu tadqiqot makroiqtisodiy omillar va kompaniyalar rentabelligi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganadi hamda korxonalarning moliyaviy ko‘rsatkichlari yalpi foyda marjasi (gross margin), operatsion marja (operating margin), EBITDA marjasi va aktivlarning rentabelligi (ROA)ga ta’sirini tadqiq qiladi. Nazariy yondashuvlar, empirik tahlillar va iqtisodiy-ekonometrik modelga tayangan holda, tadqiqot zamonaviy AQSH iqtisodiyotining asosiy drayverlari bo‘lgan 16 ta yirik kompaniya misolida makroiqtisodiy omillar va firmaning o‘zaro ko‘p qirrali aloqa dinamikasini ochib beradi. Natijalar valyuta kursi, inflyatsiya kabi makroiqtisodiy omillar va korporativ foyda o‘rtasida sezilarli bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatadi hamda kompaniyalarning makro darajadagi o‘zgarishlarga qanday javob berishini yoritadi. Shuningdek, moliyaviy menejerlar uchun amaliy ahamiyatlari muhokama qilinib, qaror qabul qilish jarayonlarida makroiqtisodiy sharoitlarni hisobga olish muhimligi ta’kidlanadi. Umuman olganda, maqola makroiqtisodiy omillar va firma ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni tushunishga hissa qo‘shadi hamda kelgusida yanada chuqur tadqiq etilishi lozim bo‘lgan jihatlar bo‘yicha tavsiyalar beradi