Maqolada O‘zbekiston elektron tijorat bozorining 2035-yilgacha rivojlanish istiqbollari prognoz qilinadi hamda o‘sish sur’ati va sifati uchun hal qiluvchi omillar tahlil qilinadi. Asosiy drayverlar sifatida raqamli to‘lovlar va davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi, logistika infratuzilmasining kengayishi, mobil internet qamrovi, marketpleyslar ekotizimi va transchegaraviy savdoning faollashuvi, shuningdek, tartibga solish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining takomillashuvi ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda ssenariy yondashuvi (bazaviy, tezlashtirilgan va inert) qo‘llanib, makroiqtisodiy sharoitlar, raqamli bozorlardagi raqobat va ma’lumotlar hamda sun’iy intellekt texnologiyalarining savdo jarayonlariga ta’siri baholanadi. Ishonch masalalari, kiberxavflar, yetkazib berish sifati, raqamli tafovut va KOB (kichik va o‘rta biznes) kompetensiyalari yetishmasligi kabi to‘siqlar alohida yoritiladi. Xulosalar davlat siyosati, biznes strategiyalari va ilmiy tadqiqotlar uchun amaliy ahamiyatga ega.
Jahon mamlakatlari moliyalashtirilayotgan har bir loyihaning atrof-muhitga, biznes subyektlariga va aholining sog‘lig‘iga ko‘rsatadigan ta’sirini chuqur baholagan holda, moliya bozorida yashil moliyalashtirish amaliyotini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni jadallashtirmoqda. Mazkur jarayon yashil moliyaviy instrumentlar orqali kapital jalb qilish mexanizmlarini to‘liq va mukammal ishlab chiqish zarurati, ularni qonunchilik normalari bilan tartibga solishga bo‘lgan ehtiyojning ortib borayotgani, shuningdek investorlar hamda emitentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish va institutsional jihatdan samarali yo‘lga qo‘yish talablariga sabab bo‘lmoqda. Natijada, yashil moliya bozorining shakllanishi va rivojlanishini ta’minlaydigan metodologik yondashuvlarni ishlab chiqish zarurati keskin oshib, samarali bozor infratuzilmasini yaratish masalasi dolzarb tus olmoqda. Ushbu maqolada yashil moliya bozorini tashkil etish, uni takomillashtirish, samaradorligini oshirish hamda tartibga solish metodologiyasiga doir ilmiy-nazariy tahlillar keltiriladi
Ushbu maqolada mintaqaviy investitsiya-innovatsion jarayonlarning iqtisodiy mohiyati, ularning tarkibiy elementlari, rivojlanish mexanizmlari hamda hududlar darajasida namoyon bo‘ladigan o‘ziga xos xususiyatlari tahlil qilinadi. Tadqiqotda investitsiya faoliyati bilan innovatsion jarayonlarning o‘zaro bog‘liqligi, mintaqalar iqtisodiy salohiyatiga ta’siri, infratuzilma, institutsional muhit va boshqaruv mexanizmlarining jarayon samaradorligidagi o‘rni yoritilgan. Mintaqaviy farqlar, resurslar taqsimoti, klasterlash jarayonlari hamda davlat-xususiy sheriklikning yangi shakllari asosida mintaqaviy investitsiya-innovatsion tizimning asosiy tamoyillari ochib beriladi. Tadqiqot natijalari hududlar raqobatbardoshligini oshirish, innovatsion rivojlanish strategiyalarini shakllantirish va investitsion siyosatni takomillashtirishda amaliy ahamiyatga ega
Maqolada 2020–2024-yillarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasining aholi turmush darajasiga ta’siri nazariy va empirik jihatdan tahlil qilinadi. Statistika ma’lumotlari asosida xizmatlar sektori hajmi, o‘sish sur’atlari, bandlikdagi ulushi va jon boshiga xizmatlar ko‘rsatkichlari baholanadi, aloqa-axborot, moliyaviy hamda yashash-ovqatlanish xizmatlarining yuqori dinamika ko‘rsatgani aniqlanadi. Natijalar xizmatlar sohasining YaIMdagi ulushi va bandlikka qo‘shgan hissasi ortib, farovonlik, iste’mol imkoniyatlari va ijtimoiy infratuzilma sifatini oshirishda barqaror drayverga aylanganini ko‘rsatadi. Siyosiy xulosalar raqamli transformatsiya, hududiy muvozanat va kadrlar siyosatini kuchaytirishga yo‘naltirilgan takliflar bilan boyitiladi
Ushbu maqola mintaqalar iqtisodiy rivojlanishidagi tafovutlarni kamaytirishda raqamli transformatsiyaning ahamiyatini oʻrganadi. Kirish qismida muammoning dolzarbligi va zamonaviy tendensiyalar ta’kidlangan boʻlib, adabiyotlar sharhida soʻnggi yillardagi bir qancha ilmiy maqolalar tahlil qilingan. Metodologiya PRISMA yoʻriqnomasiga asoslangan sistematik adabiyot tahlili (SLR) va empirik modellashtirishni (panel regresiya, GMM, threshold modellari) qamrab oladi. Natijalar raqamli transformatsiyaning mintaqaviy nomutanosibliklarni yumshatishda ijobiy ta’sirini (masalan, GDP oʻsishini 0.59 koeffitsiyenti bilan ragʻbatlantirish), ammo U-shakl ta’sirini (burilish nuqtasi 0.358) va infratuzilma yetishmovchiligini koʻrsatadi. Xulosada raqamli texnologiyalarning potensiali siyosiy choralar va inkluzivlikka bogʻliqligi ta’kidlanib, siyosiy, amaliy va tadqiqot takliflari berilgan.
Maqolada innovatsion iqtisodiyot sharoitida byudjet g‘aznachiligi tizimini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilib, raqamli texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan. G‘aznachilik jarayonlarini avtomatlashtirish, elektron to‘lov tizimlari va blokcheyn texnologiyalaridan foydalanishga zamonaviy yondashuvlar, shuningdek, bulutli yechimlarning davlat moliyasini boshqarishning shaffofligi va samaradorligini oshirishdagi roli tahlil qilingan. Rivojlanayotgan mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston ham ushbu texnologiyalarni integratsiyalashda duch kelayotgan muammo va to‘siqlar ko‘rib chiqilgan. Xalqaro tajriba tahlili asosida g‘aznachilik tizimini takomillashtirish, jumladan, huquqiy moslashuv, kadrlar resurslarini rivojlantirish va infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar taklif etilgan. Maqola innovatsiyalarni moliya sektoriga muvaffaqiyatli integratsiyalashuviga va byudjet tizimining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi omillarni aniqlashga qaratilgan.
Iqtisodiy jarayonlarning faol raqamli transformatsiyasi sharoitida elektron tijorat subyektlarini boshqarish samaradorligini oshirish masalalari alohida dolzarblik kasb etmoqda. Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida e-commerce sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar boshqaruv ko‘rsatkichlarini optimallashtirishga doir konseptual yondashuvlar va amaliy mexanizmlar tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida elektron biznesning institutsional muhiti, raqamli yetuklik darajasi va texnologik infratuzilmasi o‘rganilib, rivojlanishni cheklayotgan asosiy to‘siqlar aniqlangan. E’tibor integratsiyalashgan boshqaruv modelini joriy etish zarurati, jumladan, raqamli analitika, biznes jarayonlarni avtomatlashtirish, mijozlar bilan aloqani shaxsiylashtirish va zamonaviy platformaviy yechimlardan foydalanishga qaratiladi. Xalqaro tajriba bilan solishtirma tahlil asosida, O‘zbekiston sharoitiga mos holda e-commerce subyektlari faoliyat samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari raqamli tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatini shakllantirish va elektron savdoning barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda qo‘llanilishi mumkin.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda 2014 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari, daromad va xarajatlari tahlil qilinadi. Maqolada temir yo‘l transportining iqtisodiyotdagi o‘rni, rivojlanish tendensiyalari va pandemiya davridagi ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, infratuzilmani yaxshilash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xizmat sifatini oshirish bo‘yicha strategik takliflar keltiriladi. Maqsad – yo‘lovchi tashish faoliyatining samaradorligini oshirish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash.
MaqoladaO‘zbekiston Respublikasining ichki turizmni rivojlantirish imkoniyatlari, mavjud resurslar va ular asosida mintaqaviy iqtisodiy va ijtimoiy faollikni oshirish mexanizmlari ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Shuningdek, har bir mintaqaning o‘ziga xos turistik salohiyati, ichki turizm infratuzilmasining rivojlanish holati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar berilgan. Ichki turizmning hududiy barqarorlik va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi roli ko‘rib chiqiladi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatining samaradorligi tahlil qilinib, uning iqtisodiy o‘sish va daromadlar tengsizligiga ta’siri empirik asosda baholangan. 2017–2023-yillar uchun rasmiy statistik ma’lumotlar asosida regressiya tahlili va Kuznets gipotezasi modeli qo‘llanilgan. Tadqiqot natijalari TQJ faoliyatining turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mintaqaviy tenglikni ta’minlash va bandlikni oshirishdagi ahamiyatini ko‘rsatadi. Xalqaro tajriba asosida jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Maqolada jadal raqamli o‘zgarishlar va institutsional o‘zgarishlar kontekstida global savdo rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlari ko‘rib chiqiladi. Savdo jarayonlarini raqamlashtirishni belgilovchi asosiy omillar va mexanizmlar, shuningdek, mamlakatlarning raqamli imkoniyatlardan teng foydalanishiga to‘sqinlik qilayotgan institutsional to‘siqlar ko‘rib chiqiladi. Raqamli tengsizlik muammosiga alohida e’tibor qaratilmoqda, bu alohida davlatlarning xalqaro savdo tarmoqlariga integratsiyalashuvini cheklaydi va ularning raqobatbardoshligini pasaytiradi. Raqamli infratuzilmani rivojlantirish, sun’iy intellektdan foydalanish, blokcheyn texnologiyasi va katta ma’lumotlarni qayta ishlash kabi raqamlashtirish drayverlari tahlil qilinadi. Raqamli bo‘linish xavfi va uning global savdo tizimlarining barqarorligiga ta’siri ochib berilgan. Inklyuziv va xavfsiz raqamli savdo muhitini shakllantirishning strategik yo‘nalishlari taklif etiladi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida uy xo‘jaliklari sektorining iqtisodiy faolligini oshirish yo‘nalishlari tizimli tahlil qilingan. Tadqiqot davomida 2019–2024 yillar oralig‘idagi statistik ko‘rsatkichlar, mintaqaviy tafovutlar, daromadlar va xarajatlar dinamikasi, iste’mol strukturasidagi o‘zgarishlar va davlat siyosatining ta’sir kuchi baholandi. Uy xo‘jaliklarining daromadlarini shakllantirishda mehnat bozori, migratsiya, ijtimoiy to‘lovlar va raqamli iqtisodiyot omillarining ahamiyati alohida o‘rganildi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, uy xo‘jaliklarining real daromadlarida barqarorlik mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim mintaqalarda resurslar yetishmovchiligi, iste’mol va sarmoya imkoniyatlarining cheklanganligi kuzatilmoqda. Maqolada uy xo‘jaliklarining iqtisodiy faolligini oshirish uchun beshta asosiy yo‘nalish taklif etilgan: moliyaviy xizmatlar infrastrukturasi rivoji, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy siyosatni takomillashtirish, boshqaruvni raqamlashtirish va hududiy differensial strategiyalarni ishlab chiqish. Ushbu yondashuvlar uy xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligi, resurslardan samarali foydalanish va iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda kapital bozorida investitsiya faoliyatining joriy holati, mavjud institutsional va moliyaviy muammolar, shuningdek, ularni bartaraf etish yo‘llari tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba asosida investitsiya muhiti, savdo hajmi dinamikasi hamda moliyaviy vositalarning diversifikatsiyasi o‘rganilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, kapital bozorining investitsion faolligini oshirish uchun innovatsion instrumentlarni joriy etish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish va investorlar ishonchini mustahkamlash muhim strategik yo‘nalishlardir.
Oʻzbekiston Respublikasi hududlarining investitsion jozibadorligiga taʼsir etuvchi omillar tahlili iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilma koʻrsatkichlarini oʻrganishni oʻz ichiga oladi. Asosiy omillar qatoriga rivojlangan infratuzilma mavjudligi, resurslarga kirish, davlat ko‘magi va urbanizatsiya darajasi kiradi. Erkin iqtisodiy zonalar (EIZ) rivoji va biznes iqlimini yaxshilash ham hududlarning investorlar uchun jozibadorligini oshirishda muhim rol oʻynaydi. Tadqiqot hududlarning kuchli va zaif tomonlarini aniqlashga yordam beradi, bu esa investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish bo‘yicha samarali strategiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi.