Maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududlari kesimida yoqilg‘i-energetika resurslari (YER) iste’moli tuzilmasi va energiya samaradorligi bo‘yicha qiyosiy tahlil o‘tkazilgan. 2024-yil statistik ma’lumotlari asosida hududlararo sezilarli nomutanosibliklar aniqlangan: energiya samaradorligi ko‘rsatkichi Andijon viloyatida 1,3%dan Toshkent viloyatida 8,0%gacha farqlanadi. Qator hududlarda (Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo viloyati) energiya samaradorligining yuqori darajasi qazib olinadigan yoqilg‘iga yuqori darajada bog‘liqlik (73%dan ortiq) bilan uyg‘unlashgani aniqlangan bo‘lib, bu ekologik barqarorlik uchun xavflar keltirib chiqaradi. Klaster tahlili asosida iste’mol profillari o‘xshash bo‘lgan hududlar guruhlari shakllantirilgan hamda har bir guruh uchun differensial siyosiy chora-tadbirlar taklif etilgan. Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, energiya balansini diversifikatsiya qilish va “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish sharoitida raqamli yechimlarni integratsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Maqolada rivojlangan mamlakatlar, xususan Yevropa Ittifoqining kam uglerodli iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash va dekarbonizatsiya siyosatini amalga oshirish borasidagi tajribasi tahlil qilingan. Tadqiqotda Yevropa Ittifoqida qo‘llanilayotgan asosiy mexanizmlar, jumladan, emissiya savdosi tizimi (ETS), uglerod soliqlari, Transchegaraviy uglerodni tartibga solish mexanizmi (CBAM), qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish hamda energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari o‘rganilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda dekarbonizatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari baholangan. Tadqiqot natijasida rivojlangan mamlakatlar tajribasidan foydalanish asosida O‘zbekistonda kam uglerodli iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish, sanoat va transport tarmoqlarini dekarbonizatsiya qilish, yashil moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish hamda milliy emissiya savdosi tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur ilmiy maqolada energetika tarmog‘ida “yashil energetika”dan foydalanish imkoniyatlari SWOT tahlil usuli asosida kompleks baholangan. Tadqiqotda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining iqtisodiy, ekologik va institutsional jihatlari tahlil qilinib, sohaning kuchli va zaif tomonlari, tashqi imkoniyatlar hamda ehtimoliy tahdidlari aniqlangan. Tadqiqot natijalari yashil energetikaning energetika tarmog‘ini diversifikatsiya qilish, energiya xavfsizligini mustahkamlash va ekologik barqarorlikni ta’minlashda strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya saqlash texnologiyalarini rivojlantirish va huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi energetika sektorini kam uglerodli rivojlanish tamoyillari asosida transformatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari tadqiq etilgan. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda yashil investitsiyalarni jalb etishning iqtisodiy va institutsional shart-sharoitlari yoritilgan. Quyosh, shamol va gidroenergetika ishlab chiqarishining zamonaviy holati, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish sohasidagi davlat siyosati hamda energetik transformatsiyaning milliy iqtisodiyot barqarorligiga ta’siri tahlil qilingan. Energetika loyihalariga xos iqlimiy, texnologik, investitsiyaviy va infratuzilmaviy risklarni boshqarishda sug‘urta bozorining o‘rniga alohida e’tibor qaratilgan.
Ushbu maqolada yashil investitsiyalar bozorini rivojlantirishning Arab mamlakatlari, xususan, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistonida yashil investitsiyalar bozorini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan institutsional va moliyaviy mexanizmlar tahlil qilingan. Tadqiqotda Circular Carbon Economy (CCE) modeli, uglerodni ushlash, undan foydalanish va saqlash (CCUS) texnologiyalari, Net Zero strategiyasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining yashil investitsiyalarni jalb etishdagi o‘rni va ushbu mamlakatlar tajribasi O‘zbekistonda yashil investitsiyalar bozorini rivojlantirish, uglerod emissiyalarini qisqartirish va institutsional mexanizmlarni takomillashtirish jihatidan baholangan.