Ushbu ilmiy maqolada soliq siyosati tushunchasi va davlat siyosatining muhim tarkibiy qismi sifatidagi ahamiyati muhokama qilinadi. Investitsiya muhiti jozibadorligi tushunchasi va unga taʼsir etuvchi ichki va tashqi omillar koʻrib chiqilgan. Soliq siyosati investitsion jozibadorlikning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Maqolada soliq siyosati va investitsiya muhiti oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar boʻyicha nazariy yondashuvlar oʻrganilgan.
Ushbu maqolada elektr tarmoqlari korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya va Janubiy Koreya tajribalari qiyosiy tahlil qilingan. Tadqiqotda National Grid, Enel, Enedis va KEPCO kompaniyalarining tarif siyosati, qarz yuklamasi, investitsiya faoliyati, raqamlashtirish jarayonlari hamda rentabellik ko‘rsatkichlari o‘rganilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, xarajatlarni qoplaydigan tariflar, tartibga solinadigan aktivlar bazasi, qarzlarning maqbul chegarasi, aqlli hisoblagichlar va investitsiyalar samaradorligini baholash moliyaviy barqarorlikning asosiy omillari hisoblanadi. Xorijiy tajribalar asosida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda tarif va tannarx o‘rtasidagi tafovutni kamaytirish, elektr yo‘qotishlari va debitorlik qarzlarini qisqartirish hamda moliyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ichki chegaralarni belgilash taklif etilgan. Ushbu takliflarning amalga oshirilishi korxonaning likvidligi va rentabelligini oshirish, qarz yuklamasini kamaytirish hamda uzoq muddatli investitsiya imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada investitsiya muhiti jozibadorligini ta’minlashda soliq siyosatining tutgan o‘rni va ahamiyati ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatdan tahlil qilinadi. Soliq tizimining barqarorligi, shaffofligi, soliq yukining darajasi va soliq imtiyozlarining investitsiya faolligiga ta’siri o‘rganiladi. Shuningdek, investorlar qaror qabul qilish jarayonida soliq siyosatining rag‘batlantiruvchi mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlari yoritib beriladi. O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining investitsiya muhitini yaxshilashdagi roli tahlil qilinib, soliq siyosatini takomillashtirish orqali investitsiyalarni jalb etish samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosalar va takliflar ishlab chiqiladi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston hududlarida investitsiya siyosati samaradorligini oshirish masalalari yoritilgan. Tadqiqotda hududiy tafovutlarni kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish va investitsion faollikni muvozanatlashtirish yo‘llari tahlil qilingan. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xorijiy investitsiyalar oqimi va asosiy kapitalga yo‘naltirilgan sarmoyalar dinamikasi o‘rganilgan. Taklif etilgan hududiy differensial siyosat mexanizmi investitsion muhitni barqarorlashtirish hamda hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutlarni kamaytirishga qaratilgan
Agroklaster tizimini optimallashtirish bo‘yicha xorijiy strategik yondashuvlarni o‘rganish qishloq xo‘jaligi va sanoatni integratsiyalash orqali barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ushbu maqolada turli davlatlarning agroklaster modelini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalari tahlil qilinadi. Xususan, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning davlat siyosati, investitsiya jalb etish usullari, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va agroklasterlarning global bozor bilan integratsiyasi kabi strategik yondashuvlari o‘rganiladi. Tadqiqot natijalari agroklaster tizimini rivojlantirishda xalqaro tajribadan foydalanish imkoniyatlarini tahlil qilishga va mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan modelni taklif etishga qaratilgan.
Ushbu maqolada milliy iqtisodiyot sanoatlashuv darajasiga investitsiya jadalligi va tayyor mahsulot eksporti ulushining ta’sirini hisobga oluvchi ekonometrik model orqali baholash natijalari keltirilgan. Bir necha muqobil spetsifikatsiya taqqoslangandan so‘ng ikki omilli va uzilish o‘zgaruvchisini o‘z ichiga olgan yakuniy model tanlangan, uning determinatsiya koeffitsienti 0,90 ni tashkil etadi. Alohida koeffitsientlar tahlili sanoatlashuv darajasi o‘zgarishining asosiy qismini 2017-yildagi tartibga solish rejimi o‘zgarishi izohlashini, investitsiya va eksport koeffitsientlari esa an’anaviy ahamiyatlilik chegarasidan o‘tmasligini ko‘rsatadi. Xato tuzatish modeli, Granger sababiylik testi, chegaraviy kointegratsiya testi, Chou strukturaviy barqarorlik testi, CUSUM testi hamda retrospektiv bashorat tekshiruvi natijalari model xulosalarini ko‘p tomonlama tasdiqlaydi. Tahlil natijalariga ko‘ra sanoat siyosati samaradorligi vositalar hajmiga emas, institutsional tuzilmaga bog‘liq ekanligi empirik jihatdan asoslangan.
Maqolada davlat investitsiya siyosatining institutsional mexanizmlari va strategik yondashuvlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni (TXI) jalb etishga qanday ta’sir ko‘rsatishi ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot institutsional nazariyaga asoslangan bo‘lib, tizimlashtirish, qiyosiy tahlil hamda dinamik qatorlarni taqqoslash usullaridan foydalanilgan. O‘zbekiston Respublikasida qo‘llanilayotgan institutsional mexanizmlar va strategik yondashuvlar, jumladan, huquqiy kafolatlar, tashkiliy tuzilmalar, rag‘batlantiruvchi rejimlar hamda xalqaro-huquqiy integratsiya vositalari tizimlashtirilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida barqaror rivojlanish strategik vazifalari hamda iqlim transformatsiyasi sharoitida yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga investitsiyalarni jalb etishning o‘ziga xos xususiyatlari tadqiq etilgan. Tadqiqotning maqsadi ekologik yo‘naltirilgan loyihalarga investitsiyalarni jalb etish samaradorligini belgilovchi asosiy moliyaviy va institutsional omillarni aniqlashdan iborat. Tadqiqotning metodologik asosini tahlil, sintez, qiyosiy va tizimli yondashuv usullari, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning tahliliy materiallari hamda O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarini o‘rganish tashkil etadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, yashil iqtisodiyotni moliyalashtirishda xalqaro moliyaviy institutlar, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari, yashil obligatsiyalar, ESG-investitsiyalar hamda barqaror moliyalashtirishning boshqa vositalari muhim o‘rin tutishi aniqlandi. Shuningdek, yashil moliyalashtirishni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy cheklovlar, jumladan, ichki kapital bozorining yetarli darajada rivojlanmaganligi, xususiy sektor ishtirokining cheklanganligi hamda ESG amaliyotlarining keng joriy etilmaganligi aniqlandi. O‘tkazilgan tahlillar qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish iqtisodiyotning yashil transformatsiyasi jarayonlarini jadallashtirish hamda mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini ko‘rsatdi. Tadqiqot yakunida O‘zbekiston Respublikasida investitsiyalarni jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish va barqaror moliyalashtirish bozorini rivojlantirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Mazkur ilmiy maqolada atom elektr stansiyalaridan foydalanishning iqtisodiy afzalliklari va ularni nazorat qilish holati kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda atom energetikasining uzoq muddatli investitsiya xususiyati, kapital xarajatlar tuzilmasi, ekspluatatsiya samaradorligi va yuklama koeffitsientining iqtisodiy natijalarga ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, atom elektr stansiyalarida xavfsizlik va nazorat tizimlarining iqtisodiy barqarorlikka ta’siri, xalqaro standartlar va milliy tartibga solish mexanizmlarining ahamiyati yoritilgan. Atom energetikasining iqtisodiy samaradorligi faqat tannarx ko‘rsatkichi bilan emas, balki hayotiy sikl xarajatlari, xavfsizlik omillari va energiya xavfsizligi nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekistonda maxsus iqtisodiy zonalarning tashkil etilishi va rivojlanishining zamonaviy holati tahlil qilingan. Mamlakat iqtisodiyotida maxsus iqtisodiy zonalarning tutgan oʻrni, ularning investitsiyalarni jalb etish, sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishdagi ahamiyati yoritilgan. Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatining huquqiy-institutsional asoslari, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etishning ustuvor yoʻnalishlari oʻrganilgan. Tadqiqot davomida maxsus iqtisodiy zonalarning iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi omillar va xorijiy tajriba asosida istiqboldagi rivojlanish imkoniyatlari tahlil etilgan